O‘zbekistonda xorijiy qimmatli qog‘ozlarga kirish qoidalari tasdiqlandi

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (IRMA) direktorining 2026-yil 10-avgustdagi 25-son buyrug‘i 11-noyabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi. U kapital bozoridagi «regulyator qum qutisi» maxsus huquqiy rejimi doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasi tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlaydi. Buyruq Markaziy bank bilan kelishilgan va 12-noyabrdan kuchga kiradi.

Nizom ikki xil kirish usulini nazarda tutadi. Birinchisi — fond birjasining maxsus maydonchasida va investitsiya vositachilarining elektron platformalarida savdo qilinadigan moliyaviy instrumentlar. Ikkinchisi — xorijiy vositachi bilan birga ishlaydigan mahalliy vositachi platformasi orqali xorijiy birjadagi savdolarga kirish.
Birinchi holatda xorijiy qimmatli qog‘ozlar Markaziy depozitariyning xorijdagi hisobvarag‘ida joylashtiriladi va ular asosida moliyaviy instrument yaratiladigan bazaviy aktivga aylanadi. Instrumentning bir birligi bazaviy aktivning bir birligiga mos keladi. Instrument muomalada bo‘lgan davrda aktivni chiqarish yoki garovga qo‘yish mumkin emas, emitentning korporativ harakatlari va qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Ikkinchi holatda qimmatli qog‘ozlar xorijiy vositachidagi nominal hisobvaraqda, mijozlar puli esa yig‘ma (omnibus) hisobvaraqda hisobga olinadi. O‘zbek vositachisi har bir mijozning qimmatli qog‘ozlari va pulini o‘z platformasida hisobga oladi. Kliring va hisob-kitoblar tegishli xorijiy yurisdiksiya qoidalari va qonunchiligi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ikkala sxemada ham faqat malakali investorlar ishtirok eta oladi. Hisob-kitoblar va to‘lovlar xorijiy valyutada amalga oshiriladi, daromad soliqlari O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq to‘lanadi. Mijozlar pulini xorijdagi yig‘ma hisobvaraqqa o‘tkazish tashqi savdo operatsiyasi hisoblanmaydi, shuning uchun banklar uni E-kontrakt tizimida shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan amalga oshiradi.
