O‘zbekistonda brokerlik kompaniyalari qanday ishlaydi va bu bozorda nimalar bo‘lmoqda
Nega ko‘plab investorlar birjaga ishonmaydi, fond bozorida ishlar qanday va boshqa mavzular — Farrux Xo‘jayevning kolonkasida.

Foto: MarketWatch
Brokerlik kompaniyasi qanday ishlaydi
Qimmatli qog‘ozlar bozoridagi professional faoliyat litsenziyalanadigan faoliyat turi bo‘lib, qonunchilikka ko‘ra o‘z kapitalining minimal miqdoriga belgilangan talablar mavjud.
Kapital Depozit MChJ 2005 yilda depozitariy kompaniya sifatida tashkil etilgan. O‘sha paytda bunday tashkilotning o‘z kapitali kamida 3000 EKIH bo‘lishi kerak edi, bu bozor kursi bo‘yicha taxminan 24 ming dollarga teng edi.
Kompaniyamiz ham mahalliy, ham xorijiy mijozlar bilan ishlaydi. Xorijiy investorlar bilan ishlashning qiyinligi shundaki, xizmat ko‘rsatish yuqori ekspertiza va ingliz tilini bilishni talab qiladi, mahalliy mijozlarga esa asosiy moliyaviy va investitsion tushunchalarni tushuntirishga to‘g‘ri keladi.
Broker komissiyasi bevosita bitim summasiga bog‘liq — bitim summasi qancha katta bo‘lsa, komissiya shuncha kam. Masalan, 100 mln so‘mgacha — 1%, 100–500 mln so‘m — 0,8% va hokazo.
Afsuski, O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorining professional ishtirokchilari kichik kompaniyalar, hozircha ular «mikro» qo‘shimchasi bilan va PR hamda reklama uchun katta byudjetlarga ega emas, shuning uchun cheklangan byudjet doirasida mavjud targ‘ibot vositalaridan foydalanishga majburmiz. Eng keng tarqalgan targ‘ibot vositasi — og‘izdan og‘izga tarqaladigan tavsiyalar.
Karantin va birja. Aprel oyida so‘mning AQSh dollariga nisbatan keskin tushishi, asosiy stavkaning 15% dan 14% gacha pasaytirilishi fonida ayrim mijozlarimiz xavotirga tushib, birjadagi pozitsiyalarini yopa boshladi.
Ijobiy jihatlar ham kuzatildi — ko‘pchilik masofaviy ishga o‘tib, fond bozori haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish uchun vaqt va imkoniyatga ega bo‘ldi. Karantin davrida jismoniy shaxs mijozlarimiz soni 25% ga oshdi.
Brokerlik faoliyatining rivojlanishi bevosita umuman fond bozorining rivojlanishi bilan bog‘liq. Jamiyatimizdagi moliyaviy savodxonlikning hozirgi holatida bozor rivojlanishining asosiy drayveri korporativ obligatsiyalar bo‘lishi mumkinligiga ishonchim komil. Bu aksiyadan ko‘ra soddaroq va tushunarliroq vosita bo‘lib, pasayib borayotgan bank depozitlariga, biznes uchun esa bank kreditlariga foydali muqobil bo‘lishi mumkin.
Investorlarning brokerga va birjaga ishonchsizligi
Afsuski, mamlakatda qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish madaniyati hali rivojlanmagan va bu nafaqat aksiyalarga, balki korporativ obligatsiyalarga ham tegishli.
Investorlarning brokerga va birjaga ishonchsizligi umuman tizimga bo‘lgan ishonchsizlik bilan bog‘liq. Bunday vaziyatning asosiy sabablari quyidagilar:
- Investorlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qonunchilik va davlat tartibga solishining nomukammalligi.
- Fond bozori axborot shaffofligi muammosi — kompaniyalar haqidagi ishonchli bozor va moliyaviy ma’lumotlarga teng kirish imkoniyatining yo‘qligi.
- Fond bozorida likvidlikning yo‘qligi — moliyachilarda shunday ibora bor: «likvidlik likvidlikni tortadi», boshqacha aytganda, «pul bor joyga pul keladi». Likvidlik yo‘qligi muammolari investorlarning qimmatli qog‘ozlarga sarmoya kiritish istagini so‘ndiradi.
- Biznesning haqiqatan mas’uliyatli va shaffof ommaviy kompaniyaga aylanishga tayyor emasligi — nafaqat daromadni, balki kapitallashuvni ham oshirishga intiladigan biznesda uzoq muddatli tafakkurning yo‘qligi. Moliyaviy hisobotlarning noshaffofligi, ikki tomonlama buxgalteriya mavjudligi, auditorlik tekshiruvlarining yo‘qligi yoki rasmiyatchilik uchun o‘tkazilishi.
- Aholining moliyaviy savodsizligi — ko‘pchilik hatto daromadning bir qismini muntazam jamg‘arish, oilaviy byudjetni yuritish kabi asosiy ko‘nikmalarga ham ega emas, kapitalni ko‘paytirishning murakkabroq usullari (aksiya yoki obligatsiyalarga sarmoya kiritish) bilan esa asosan malakali investorlar qiziqadi.
Emitent kompaniyalarga kelsak, ular fond bozoriga moliyalashtirish jalb qilish maqsadida keladi. Buning uchun ular bir qator regulyativ talablarni bajarishga tayyor, ammo evaziga qimmatli qog‘ozlari joylashtirilishi kafolatini olishni xohlaydi.
Biroq bunday kafolatni ularga na investitsiya maslahatchisi, na broker, na fond birjasi bera oladi. Shu bilan birga kompaniyalar davlatga boj, listing yig‘imi va maslahatchi xizmatlari uchun haq to‘lashi kerak.
Jahon va O‘zbekiston fond bozori
Vositalarning mavjudligi — agar xorijiy bozorda brokerlik hisobini uydan chiqmasdan, bir necha marta bosish bilan ochish mumkin bo‘lsa, bu yerda brokerlik kompaniyasiga borish va shartnoma tuzish talab etiladi.
Xorijiy bozorlarning IT infratuzilmasi juda rivojlangan va ishonchli. Investorlar va treyderlar uchun eng ilg‘or dasturiy mahsulotlar, mobil ilovalar, savdo terminallari va platformalar mavjud, O‘zbekistonda esa hozircha faqat Yagona dasturiy-texnik majmua bor.
U davlat korxonasiga tegishli va shu bilan birga davlat tomonidan juda yomon moliyalashtiriladi. Barcha professional ishtirokchilar ushbu tizimga bog‘langan va o‘zlarining avtonom IT yechimlarini joriy etish uchun texnik imkoniyatga ega emas.
Tashkiliy tuzilma — xorijiy bozorlarda fond birjasi, Markaziy depozitariy (MD), kliring markazi va brokerlik kompaniyalaridan iborat tashkiliy tuzilma mavjud. Ularning har biri aniq belgilangan vazifa va majburiyatlarga ega.
Masalan, MD vazifalariga savdodan keyingi xizmat ko‘rsatish, qimmatli qog‘ozlar bilan bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish kiradi. O‘zbekistonda pul hisob-kitoblari bilan brokerlar shug‘ullanadi, MD esa savdo operatsiyalariga kamroq integratsiyalashgan.
Likvidlik va savdo hajmlari. Xorijda likvidlik ko‘rsatkichi bir necha baravar yuqori, bu katta hajmlarda savdo qilish imkonini beradi. Masalan, Nyu-York fond birjasida 1 mln dollarlik bitimlar bir necha soniyada amalga oshishi mumkin, bizda esa bu juda kam uchraydi va faqat ayrim aktivlar bo‘yicha mumkin.
So‘nggi ikki yilda ayrim kompaniyalar aksiyalari bo‘yicha likvidlik sezilarli darajada oshdi, masalan «Kvars» AJ, «Qizilqumsement» AJ, «O‘zmetkombinat» AJ, «O‘zRTXB» AJ, «Toshkentvino» AJ, «O‘zikkilamchirangmetall» AJ va boshqalar.
Bugun o‘zbek fond bozori shakllanish bosqichida va ko‘plab muammo va kamchiliklarga ega, ammo shunga qaramay, u ancha istiqbolli. Keyingi rivojlanish faqat davlat va professional hamjamiyat tomonidan kompleks yondashuv bilan mumkin.
Yangi investorlarni jalb qilish maqsadida aholining moliyaviy savodxonligini oshirish bo‘yicha tadbirlarni muntazam tashkil etish, xalq IPO’larini o‘tkazish va fuqarolarni investitsiyaga jalb qilish uchun turli yangi vositalarni listingga chiqarish zarur.
Avvalroq Spot kartochkalarda aksiyalarga sarmoya kiritishni qanday boshlash, buning uchun qancha pul kerakligi va brokerni qanday tanlashni tushuntirgan edi.
Manba: Spot.uz
