O‘zbekistonda uch yil ichidagi birinchi IPO qanday o‘tdi
UzAuto Motors avtokonserni IPO’sida road-shou’da e’lon qilingan 5% o‘rniga kompaniya qog‘ozlarining atigi 0,29% ini sotishga muvaffaq bo‘lindi. Kompaniya kutilgan 90 mln dollar emas, taxminan 5 mln dollar jalb qildi, shunga qaramay bu joylashtirish O‘zbekiston tarixidagi eng yirigi bo‘ldi.

Foto: Midjourney
20 fevral, dushanba kuni «Toshkent» Respublika fond birjasida (RFB) UzAuto Motors aksiyalari bilan ikkilamchi bozorda savdolar boshlandi. Avtomobil ishlab chiqaruvchining birjaga chiqishi o‘tgan yili bo‘lishi kerak edi, ammo past talab tufayli buyurtmalar kitobini yopish sanasi ikki marta ko‘chirildi. Avval 2022 yil 22 dekabrdan 28 dekabrga, keyin esa birdaniga 2023 yil 15 fevralga. Natijada IPO bo‘yicha obuna kampaniyasi ikki oydan ko‘proq davom etdi, aksiyalarni sotib olish uchun arizani hatto Telegram’dagi bot orqali ham topshirish mumkin edi.
Birja sari tezlik bilan
UzAuto Motors IPO orqali o‘z aksiyalarining 5% gachasini sotishni mo‘ljallagan, bu taxminan 90 mln dollar jalb qilish imkonini berardi. Freedom Broker anderrayteri talabni baholagandan so‘ng respublika bozori bunday hajmlarga tayyor emasligi va eng yaxshi holatda 1% gacha sotish mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
Avtokonsern aksiyasi uchun 72 500–81 500 so‘m narx oralig‘ida IPO’ning yangi koridori 196–220 mlrd so‘m (17,3–19,5 mln dollar) bo‘lishi kerak edi.

Foto: Freedom Broker UZ matbuot markazi
28 dekabrga kelib buyurtmalar kitobi atigi 8,65% ga to‘ldi. Bir yarim oy ichida UzAuto Motors aksiyalarini sotib olishni istagan investorlar ko‘paydi — natijada 1% dan qog‘ozlarning taxminan uchdan bir qismi (29,1%) sotildi, jalb qilingan mablag‘lar summasi esa 56,9 mlrd so‘mni tashkil etdi, bu kutilganidan uch baravardan ko‘proq kam.
«UzAuto Motors aksiyalarini ommaviy joylashtirish respublikamizda xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirish dasturida yirik davlat korxonalari orasida birinchi qadam hisoblanadi. Shubhasiz, bu voqea mahalliy investorlar hamjamiyatining faollashuvi va kompaniyaning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga integratsiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — IPO’dan keyin UzAuto Motors kompaniyasi shunday bayonot berdi.
Avtokonsernning birjaga chiqishi bilan O‘zbekistonda ommaviy joylashtirishlar orqali katta xususiylashtirish dasturi boshlandi. O‘tgan yili hukumat qarori bilan investor topmoqchi bo‘lgan yigirmadan ortiq emitent ro‘yxati tasdiqlangan. UzAuto Motors’dan keyin qo‘shimcha qog‘ozlar chiqarilishi (FPO) bilan «O‘zmetkombinat» chiqmoqda, «O‘zbektelekom» kompaniyasi esa IPO’si uchun anderrayterni allaqachon tanladi.
Xalq xabardor emas
Avtomobil ishlab chiqaruvchi qog‘ozlarini sotib olish uchun jami 1383 ta ariza tushdi, ular orasida 1 mingdan ortiq rezident jismoniy shaxslar, norezidentlar va yuridik shaxslar esa jami yuzdan kam edi. Institutsional investorlar sotilgan aksiyalar umumiy hajmining 80% ini, jismoniy shaxslar 20% ini (taxminan 1 mln dollarlik) sotib oldi. Demak, chakana investorlar orasida o‘rtacha chek taxminan 1 ming dollarni tashkil etgan.
«Joylashtirishdan oldingi kutilmalar boshqacha edi. Talab taklifdan oshishi prognoz qilingan, chunki bu kompaniya mahsulotlaridan O‘zbekistonning uch milliondan ortiq aholisi foydalanadi. Asosiy qismini rezidentlar sotib oladi, o‘rtacha chek 200–500 dollar bo‘ladi, joylashtirishda kamida 15–20 ming jismoniy shaxs ishtirok etadi deb o‘ylagandik», — deya izoh beradi Freedom Broker ijrochi direktori Yevgeniy Mojeyko. Mojeykoning fikricha, bozor yaxshi saboq oldi: taniqli brend IPO’da emitentga yordam bermadi, chunki past investitsiya madaniyati va moliyaviy xizmatlarning zaif qamrovi tufayli odamlar nega UzAuto Motors aksiyalariga sarmoya kiritishlari kerakligini va bundan qanday daromad olish mumkinligini shunchaki tushunmadi.
«Agar kuzda navbatdagi IPO’lar bo‘ladi deyayotgan bo‘lsak, unda bugundan boshlab davlat OAV darajasida bo‘lajak joylashtirishlar bo‘yicha PR-kampaniya o‘tkazish va xalqqa IPO nima ekanini, bu nima uchun qilinishini va yirik milliy kompaniyalar aksiyadori bo‘lsang qanday afzalliklar borligini tushuntirish kerak», — deb ishonadi Mojeyko.

O‘zbekistondagi ommaviy joylashtirishlar tarixi. Infografika: Kursiv
Chegirma qancha katta bo‘lsa, bozor shuncha keng
UzAuto Motors joylashtirishi «xalq IPO»si sifatida e’lon qilingan, shuning uchun aksiyalar narxiga chegirma kiritilgan edi. Joylashtirish shartlarini muhokama qilishda Freedom Broker taxminan 30% chegirma taklif qilgan, emitent esa 15% dan oshmaydigan chegara belgilashni so‘ragan, ammo 20% da kelishilgan. Yevgeniy Mojeykoning fikricha, chegirma mahalliy bozor uchun yomon emas, ayniqsa emitentning sof foydaning kamida 30% ini dividend to‘lashga yo‘naltirish majburiyatini hisobga olsak.

Foto: UzAuto Motors matbuot markazi
Kapital-Depozit investitsiya kompaniyasi direktori Farrux Xo‘jayev boshqa fikrda. Uning hisoblashicha, joylashtirish narxini belgilashda tashkilotchilar xalq investorining manfaatidan kelib chiqmagan. «Aybning katta qismi emitentda. Kompaniya ortiqcha baholangan, anderrayterning kompaniyani baholash bo‘yicha tavsiyalari qabul qilinmagan. Bundan tashqari, kompaniyaning xalq orasidagi salbiy imiji va obro‘si anderrayter ishini qiyinlashtirdi», — deb ta’kidlaydi Xo‘jayev.
Alkes Research investitsion banking va tadqiqotlar bo‘yicha direktori Behruzbek Ochilov ham shunga o‘xshash fikr bildiradi. «Rivojlanayotgan bozorlarda aksiyalarga chegirmalar taklif qilinganidan kattaroq bo‘lishi kerak, ayniqsa O‘zbekiston banklaridagi depozitlar bo‘yicha yuqori stavkalarni hisobga olsak (20% dan yuqori. — «Kursiv»)», — deb hisoblaydi u. Ochilov qozog‘istonlik «KazMunayGaz» joylashtirishi ham to‘liq obunasiz o‘tganini eslatadi. «Kursiv» suhbatdoshi e’tibor qaratgan yana bir jihat — tashkiliy: «Xalqaro depozitariylar bilan korrespondentlik munosabatlarisiz joylashtirishlarni o‘tkazish juda qiyin. Bunday vositasiz xorijiy investorlar bozorga ehtiyotkorlik bilan kiradi».
Ikkinchi tezlik
IPO’da UzAuto Motors qog‘ozlari joylashtirish oralig‘ining quyi chegarasida — har bir aksiya uchun 72 500 so‘mdan sotildi. 20 fevralda, ikkilamchi bozordagi savdolarning birinchi kunida, yopilish narxi bo‘yicha hisoblaganda aksiyalar qiymati joylashtirish narxiga nisbatan 8,5% ga (78 698 so‘m) oshdi. Kun ichidagi maksimal daraja 85 000 so‘mgacha ko‘tarildi, minimal esa 72 500 so‘mgacha tushdi. Savdo hajmi arzimas, taxminan 9 mln so‘m bo‘ldi, bu 1 ming dollardan kam. Ikkinchi kuni natijalar yanada kamtarona bo‘ldi — yopilish narxi 72 500 so‘m va savdo hajmi 7,3 mln so‘m (taxminan 700 dollar).
«Afsuski, savdolarning dastlabki ikki kunida UzAuto Motors aksiyalari biz xohlagandek faol savdo qilinmayapti. Likvidlik bo‘yicha ular birjaning top-3 talig‘iga kiradi deb kutilgan edi. Ammo hozircha bunday bo‘lmadi. O‘ylaymanki, yangi choraklik hisobotni yoki biror muhim yangilikni kutish kerak, shundan keyin bozorda qiziqarli faollik va kotirovkalar o‘sishini ko‘rishimiz mumkin», — deya izoh beradi Behruzbek Ochilov.
Zavod aksiyalari allaqachon EqRe Blue likvid aksiyalar indeksiga kirdi — endi uning savatida O‘zbekistonning 10 ta emitenti bor. RFBning ham o‘z indeksi bor — UCI, uning qiymati birja listingidagi barcha kompaniyalarning umumiy kapitallashuviga bog‘langan. Maydonchada savdolar boshlanishidan oldin UzAuto Motors’ning bozor qiymati qog‘ozlarning 5 ming so‘mlik nominal narxiga bog‘langan edi. Savdolarning IPO narxida boshlanishi va zavod kotirovkalarining keyingi sakrashi kompaniyaning bozor kapitallashuviga ta’sir qildi va savdolarning birinchi kunida indeksning deyarli 25% ga, 393,36 dan 490,48 punktgacha o‘sishiga hissa qo‘shdi, deb tasdiqladi «Kursiv»ga RFB biznesni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Indira Habibulina.
Alkes Research’da, emitentning investitsiya dasturlarini hisobga olsak, avtokonsern qog‘ozlari yaxshi salohiyatga ega deb hisoblashadi. Shuning uchun UzAuto Motors aksiyalari uzoq muddatli investorlar uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik avtokonsern rejalarida ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming avtomobilgacha oshirish bor, 2022 yilda zavod 307 ming yengil avtomobil ishlab chiqargan.
UzAuto Motors xorijiy maydonchalarda listing rejalarini saqlab qolmoqda, ammo aniq muddatlar hozircha yo‘q. Yevgeniy Mojeykoning fikricha, hammasi xalqaro moliya bozorlaridagi kon’yunkturaga bog‘liq bo‘ladi. Joriy vaziyatda buni qilish maqsadga muvofiq emas.
Manba: Kursiv
