O‘zbekiston xalqaro fond bozoriga yo‘l ochmoqda. Investorlar uchun nima o‘zgaradi?
KAPDEPO asoschisi va rahbari Farrux Xo‘jayevning mualliflik kolonkasi.

11 noyabr kuni Adliya vazirligi «regulyativ qumdon» N3971 doirasida xorijiy qimmatli qog‘ozlar muomalasini tartibga soluvchi PMMNning yangi Nizomini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
Menimcha, bu O‘zbekiston fond bozorini xalqaro moliya tizimiga integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadam.
Hozirgacha chakana investitsiya bozorini rivojlantirishdagi asosiy cheklovlardan biri mahalliy investorlarning mahalliy brokerlar orqali xorijiy aksiyalar, obligatsiyalar va ETF’larga kirishining to‘laqonli tartibga solingan mexanizmi yo‘qligi edi.
Endi bunday kirish uchun huquqiy asos yaratildi.
Nima tubdan o‘zgaradi?
Yangi qoidalar ikki modelni nazarda tutadi:
- Xorijiy investitsiya vositachilari bilan integratsiyalashgan o‘zbek brokerlari platformalari orqali xorijiy birjalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish.
- Ichki bozorda xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan 1:1 nisbatda ta’minlangan, Markaziy depozitariy orqali hisobga olinadigan maxsus moliyaviy vositalar savdosi.
Bundan tashqari, xorijiy valyutada transchegaraviy hisob-kitoblarning huquqiy mexanizmi yaratilmoqda, bu investitsiya ilovalari va raqamli brokerlik xizmatlarini rivojlantirish uchun ayniqsa muhim.
Biroq kirish hozircha ommaviy bo‘lmaydi.
Yangi qoidalar operatsiyalarni faqat malakali investorlar amalga oshirishini nazarda tutadi. Shu bilan birga mezonlar ancha moslashuvchan: jismoniy shaxs bunday maqomni, xususan, 5 000 dollardan ortiq aktivlari, tegishli ma’lumoti, kasbiy tajribasi yoki malakasi bo‘lsa olishi mumkin.
Yakuniy qarorni investitsiya vositachisi belgilangan tartibda qabul qiladi.
Bundan tashqari, xorijiy qimmatli qog‘ozlar regulyator tomonidan oldindan maxsus reyestrga kiritilishi, ularning muomala hajmlari esa Markaziy bank bilan kelishilishi lozim.
Ya’ni hozircha gap to‘liq liberallashtirish haqida emas, balki bozorni nazorat ostida ochish haqida bormoqda.
Bu O‘zbekiston fond bozori uchun nimani anglatadi?
Avvalo, investitsiya tanlovi kengayadi va portfellarni milliy bozordan tashqarida diversifikatsiya qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Mahalliy brokerlar uchun texnologiyalar, xalqaro infratuzilma, risklarni boshqarish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini rivojlantirishni talab qiladigan yangi biznes yo‘nalishi ochiladi.
Butun bozor uchun esa bu aholining investitsiyalarga qiziqishini oshirish va kapitalni uzoq muddatli boshqarishning yangi madaniyatini shakllantirish imkoniyatidir.
Shu bilan birga, xalqaro integratsiya ichki fond bozoriga zarar yetkazmasligi muhim deb hisoblayman. Aksincha, u yangi investorlar oqimini, brokerlik infratuzilmasining rivojlanishini va mahalliy bozor raqobatbardoshligining oshishini rag‘batlantirishi kerak.
KAPDEPO uchun bu o‘zgarishlar amaliy ahamiyatga ham ega.
Bizning GOINVEST investitsiya ilovamiz Amerika fond bozoriga kirishni ishga tushirishga tayyorgarlikning yakuniy bosqichida. Biz texnologik infratuzilmani rivojlantirish va xalqaro hamkorlar bilan integratsiya bo‘yicha katta ish qildik.
Belgilangan regulyativ tartib-taomillar yakunlangach, O‘zbekiston investorlariga Amerika kompaniyalari aksiyalarini va boshqa mavjud xalqaro moliyaviy vositalarni bevosita GOINVEST ilovasi orqali sotib olish va sotish imkoniyatini berishni rejalashtirmoqdamiz.
Ishonamanki, xalqaro bozorlarning ochilishi O‘zbekiston investitsiya industriyasi rivojlanishining yangi bosqichi bo‘ladi. Endi bizning vazifamiz — ishonchli va tartibga solingan infratuzilmani ta’minlagan holda global fond bozorini o‘zbekistonlik investorlarga yaqinroq va qulayroq qilish.
